Ushbu maqolada Xorazm viloyati sanoat tarmoqlarini rivojlantirish istiqbollari, viloyatni sanoatlashtirishdagi tarkibiy o`zgarishi to`g`risida ma`lumotlar keltirib o`tiladi. Shuningdek, Xorazm viloyati sanoatining qayta ishlash tarmoqlarining joriy rivojlantirish holati hamda uni yana-da takomillashtirish bo`yicha tavsiya hamda takliflar beriladi.
В данной статье даны сведения о перспективах развития промышленных отраслей Хорезмской области, о структурном изменении индустриализации области. Также даны рекомендации и предложения о состоянии текущего развития отраслей по переработке промышленности Хорезмской области и о её усовершенствовании.
Xorazm viloyati sanoat salohiyatining rivojlanish darajasi kundan-kunga rivojlanib borayotgan hududlar sirasiga kiradi. Viloyatning sanoat tarmog`ida asosan qishloq xo`jalik xomashyosini birlamchi qayta ishlash, xususan paxta tozalash sanoati ustunlik qiladi. Prezidentimiz I.A.Karimov “...to`qimachilik va yengil sanoatning boshqa tarmoqlarida ana shu paxta xomashyosini yanada chuqur qayta ishlashni ta’minlash, bo`yalgan ip-kalava, trikotaj polotnosi va matolar kabi tayyor mahsulotlarni xorijiy mamlakatlarga eksport qilish, keyinchalik, zamonaviy texnologiya va dizaynni faol o`zlashtirish asosida, tayyor to`qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishda ulkan samaraga erisha olamiz” [1] deya o`zlarining ma`ruzasida mamlakatda sanoat tarmoqlarini rivojlantirish uchun chora tadbirlar ishlab chiqish maqsadga muvofiqligini aytib o`tganlar.
Xorazm viloyatning sanoat ishlab chiqarish darajasi (aholi jon boshiga sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi) Qoraqalpog`iston Respublikasi va Surxondaryo viloyatiga qaraganda yuqori hisoblanadi. Hududda aholi jon boshiga sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi o`rtacha respublika ko`rsatkichiga nisbatan 2000 yildan buyon sezilarli darajda o`sish tendensiyasiga ega bo`lmoqda. So`nggi uch yilda mazkur ko`rsatkichning o`sishi kuzatilayotganini va ayni paytda uning hajmi respublikada salmoqli ulushga egaligini aytishimiz joizdir.
Viloyatda sanoatning qayta ishlash tarmoqlarini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar natijasida keyingi yillarda ushbu sohada mehnat unumdorligi o`sish tendensiyasiga ega bo`lmoqda. 1-chizmadan shuni ko`rishimiz mumkinki, viloyatda yengil sanoat, shu jumladan paxta tozalash va un-yorma sanoati mehnat unumdorligi nisbatan yuqori ko`rsatkichlarga ega bo`lgan asosiy tarmoqlardir [2].
1-chizma
Xorazm viloyati sanoatida mehnat unumdorligi, mln.so`m
Viloyat iqtisodiyotida qishloq xo`jaligi asosiy tarmoq sifatida shakllanganligi tufayli mintaqa qishloq xo`jaligi xomashyosiga boy, lekin tabiiy xomashyo bazasining nihoyatda cheklanganligi sanoatning qishloq xo`jalik mahsulotlariga birlamchi ishlov berish, xususan yengil va oziq-ovqat tarmoqlariga ixtisoslashuviga sabab bo`lgan.
Paxta homashyosini birlamchi qayta ishlash ayni paytda yetakchi tarmoq hisoblanadi. Bundan tashqari viloyatda yengil va oziq-ovqat sanoatining bir qancha turlari, shuningdek qurilish materiallari va yog`ochni qayta ishlash tarmoqlarining tez sur`atlarda rivojlanishi natijasida sanoatning YaIMdagi ulushi orta boshladi. 2-chizmada Xorazm viloyatini sanoatlashtirishdagi tarkibiy o`zgarishini ko`rishimiz munkinku [3].
Oziq-ovqat sanoatida viloyat shakar va alkogolsiz ichimlik mahsulotlari ishlab chiqarish bo`yicha respublikada yuqori o`rinni egallaydi. Bundan tashqari mamlakatda ishlab chiqarilayotgan paxta tolasining 8,2 foizi, o`simlik yog`ining 7,9 foizi, unning 6 foizi Xorazm viloyati hissasiga to`gri keladi. Shunga qaramasdan, Xorazm viloyati iqtisodiyoti agrar sohaga yo`naltirilgan mintaqalar tarkibida hisoblanadi.
Yengil sanoat Xorazm viloyatida an’anaviy sohalardan biri bo`lib, hududning ishlab chiqarish faoliyatida muhim o`rin tutadi (umumiy sanoat ishlab chiqarishida 40,5%). Yengil sanoat mahsulotlarining asosiy qismi Bog`ot, Gurlan, Qo`shko`pir, Hazorasp, Xonqa, Shovot va Yangiariq tumanlaridagi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilmoqda.
Yengil sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashuv ko`p jihatdan ushbu tarmoq umumiy ishlab chiqarish hajmining 85 foizini tashkil etadigan 12 ta yirik korxona faoliyatiga asoslangan. Mazkur korxonalardan 8 tasi paxtani birlamchi qayta ishlashga yo`naltirilgan bo`lib, ushbu korxonalar tomonidan mahalliy paxta xomashyosining 75 foizdan ortig`i qayta ishlanadi. Bu esa viloyat sanoat mahsulotlarining 30,1 foizini tashkil qiladi.
2-chizma
Xorazm viloyatini sanoatlashtirishdagi tarkibiy o`zgarishi
Shu o`rinda qayd etish joizki, paxta tolasi viloyatda eksport qilinadigan asosiy mahsulot hisoblanadi. Bugungi kunda paxta tolasini qayta ishlash asosida viloyatda tayyor mahsulot sifatida tibbiyot binti va paxtasi, paypoqlar, erkaklar kostyumi, ayollar ko`ylagi, yotoq anjomlari, erkaklar ichki kiyimlari kabi mahsulotlar ishlab chiqarish yo`lga qo`yilgan. SHuningdek, natural shaklda ip-kalava va mato ishlab chiqarishning o`sishi (5,5 marta) bilan birgalikda tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqarishda ham ijobiy tendensiyalar (2,5 marta) kuzatilmoqda.
Ushbu boy xomashyoni qayta ishlash sanoatini kengaytirishga doir loyihalarni amalga oshirish iqtisodiy o`sishning muhim zaxirasi hisoblanib, yuqori qo`shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish imkonini beradi. Hisob-kitoblarga ko`ra, 1 kg paxta tolasi 1,4 AQSH dollari miqdorida tursa, uni qayta ishlab, tikuv mahsuloti sifatida sotishdan 16 AQSH dollari miqdorida mablag` ishlab olish mumkin. Shuninng uchun ham bugungi kunda paxta tolalarini Viloyatda qayta ishlov berib tayyor mahsulot sifatida sotish ko`zda tutilmoqda.
Ayni paytda tahlillar asosida shuni aytish mumkinki, trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish hududda yetarli darajada rivojlanmagan. Ushbu sohada faoliyat ko`rsatayotgan korxonalarda paxta tolasiga bo`lgan talab to`liq qondirilmasligi tufayli ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasi 40-60 foizni tashkil qiladi. Bundan tashqari, yangi uskunalarni sotib olish bilan bog`liq qiyinchiliklar va infratuzilma bilan ta’minlashdagi muammolar ham ip-kalava ishlab chiqarish bo`yicha mavjud quvvatlardan samarali foydalanishga (ishlab chiqarish quvvati 72,7% teng) salbiy ta’sir ko`rsatib, tayyor tikuvchilik va trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish borasidagi loyihalarni amalga oshirishga to`sqinlik qilmoqda.
Yengil sanoat tarmog`ida bugungi kunda tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish asosan kichik korxonalar tomonidan amalga oshirilmoqda. Bu korxonalarda ishlab chiqarish hajmi unchalik katta bo`lmaganligini ko`rishimiz mumkin. Bundan tashqari, aksariyat (Gurlan, Yangiariq va Yangibozor) tumanlarda tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish endi rivojlanayotgan hududlar sirasiga kiradi deb aytishimiz mumkin.
Bugungi kunda yengil sanoat mahsulotlariga talab ortib borayotganini, mintaqaning mahalliy ishlab chiqarish hisobiga ichki bozor talabi sezilarli darajada qondirilayotganini ta`kidlash mumkin. Gilamchilik buyumlari, mato va ip-kalava, erkaklar kostyumi, kurtkalar, poyabzalga bo`lgan ehtiyoj ichki ishlab chiqarish evaziga qanoatlantirilmoqda. Viloyat hududlarida ishlab chiqarilayotgan tovarlardan tashqari ehtiyoj uchun zarur bo`lgan iste’mol tovarlarining asosiy qismi mamlakatning boshqa hududlari va import hisobidan qoplanmoqda. Yuqori sifatli xomashyo hisoblangan jun va teri (Qo`shko`pir va Bog`ot tumanlari) chuqur qayta ishlanmasdan birlamchi ishlov berilgach, Rossiyaga, boshqa qo`shni davlatlarga xomashyo sifatida eksport qilinmoqda.
Oziq-ovqat sanoati viloyat sanoat mahsulotlari tarkibida o`z ahamiyati bo`yicha ikkinchi o`rinni egallab, sanoat ishlab chiqarish umumiy hajmining 38,6 foizini tashkil etadi. Sohada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning 70 foizdan ortig`i shakar, ichimliklar, don va yog`-moy mahsulotlaridan iborat bo`lib, ularni iste’molchilarga yetkazib berishga ixtisoslashgan yirik korxonalar faoliyati ham muhim ahamiyatga ega.
Xulosa qilib shuni aytishimiz mumkinki, ishlab chiqarilayotgan mahalliy mahsulotlarga bo`lgan ichki talab va taklifning muvozanatlashmagani, aholini oziq-ovqat tovarlari bilan ta’minlash darajasining pastligi mintaqa, ayniqsa, tumanlar iste’mol bozoriga salbiy ta’sir ko`rsatmoqda. Mahsulotga bo`lgan talabni o`rganish, yangi texnologiyalarni o`zlashtirish va ularni ishlab chiqarishga joriy etish tadbirlarini o`tkazishni tashkil qilish, professional marketologlarning tajribalaridan foydalangan holda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar raqobatbardoshligini ta’minlashga, hududda iste’mol tovarlari ishlab chiqarishni barqaror rivojlantirish orqali maqsadga erishish mumkin.
Adabiyotlar:
- Karimоv I.A. 2014 yil yuqоri o`sish sur’atlari bilan barcha mavjud imkоniyatlarni safarbar etish, o`zini оqlagan islоhоtlar stratеgiyasini izchil davоm ettirish yo`li bo`ladi. – “Хalq so`zi” gazеtasi. 2014 yil 18 yanvar, №13.
- Sodiqov A.M. Xorazm viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish strategiyasi. –T.: „IFMR“. 2015. – 34b.
- Sodiqov A.M. Xorazm viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish strategiyasi. – T.: „IFMR“. 2015. – 35b.