Ushbu maqolada so‘z birikmalarining boshqa birliklar bilan birikishi hamda imkoniyati va xususiyatlari, valentlik hodisasini o‘rganish va uning turlarini farqlash ko’rib chiqilgan.
Kalit so ‘ zlar: valentlik, mantiqiy valentlik, sintaktik, leksik, semantik.
В данной статье рассматриваются вопросы сочетания и возможностей и свойств словосочетаний с другими единицами, изучение явления валентности и дифференциации его типов.
Ключевые слова : валентность, логическая валентность, синтаксический, лексический, семантический.
Valentlik so‘z birikmasining sintaksis-struktur sathida bajaradigan yagona vazifasidir. Valentlik tushunchasi ilmiy adabiyotlarda keng miqyosda yoritilmoqda va bunday e’tibor bejiz emas, zero, til birliklarining turli tuzilmalar tarkibida o‘zaro munosabatga kirishuvining lisoniy mexanizmlarini aniqlash nazariy va amaliy tilshunoslikning ehtiyojiga aylangan. “Til belgisining valentlik tamoyili, — deb yozgan edi mashhur rus faylasufi va tilshunosi A. F. Losev, — hech qanday gumonsiz tilning dinamik xususiyatini aks ettiruvchi favqulodda muhim tamoyildir” [3, 35 b.].
Valentlik — bir til birligining boshqa birliklar bilan birikishini ta’minlaydigan imkoniyati, ichki xususiyatidir. So‘z birikmasining tuzilishi, turli so‘z va so‘z formalarining alohida modellar, qoliplar qamrovida o‘zaro aloqaga kirishuvi qonuniyatlari, dastlabki o‘rinda, til tizimining ichki imkoniyatlarini yuzaga chiqaruvchi qonuniyatlarga bo‘ysunadilar. So‘z birikmasi tuzilmalari leksemalarning til tizimida mavjud bo‘lgan qoliplar doirasida o‘zaro aloqaga kirishish imkoniyatlarini aks ettiradi.
Shu sababli so‘z birikmasini lisoniy qoliplarni shakllantiruvchi yoki saqlovchi hodisa sifatida qarash ma’qul. Tadqiqotchilar, odatda, valentlikning turli ko‘rinishlarini farqlashga chaqiradilar. Masalan, G.Xelbig, M. D. Stepanovalar mantiqiy, ma’noviy (semantik) va sintaktik valentlikni farqlashni taklif etgan edilar. Ularning talqinicha, mantiqiy valentlik — tushunchalar o‘rtasidagi aloqaning tildagi aksi, semantik valentlik–turli ma’no bo‘laklarining (semalarning) bir-biriga qo‘shila olishi, sintaktik valentlik, o‘z navbatida, qolipdagi ochiq o‘rinlarning til birliklari tomonidan majburiy yoki erkin to‘ldirilishidir [2, 73–74 b.].
S. D. Katsnelson va uning shogirdlari mazmuniy va formal valentlik turlarini farqlash yo‘lidan borganlar. Birinchi turdagi valentlik obyektiv olamdagi real voqeliklarni aks ettiruvchi fikriy tuzilma-propozitsiyalarning munosabatlarni aks ettirishini inobatga olib, uni yuqorida eslatilgan tushunchalar valentligidan unchalik farq qilmasligini aytmoqchimiz. S. D. Katsnelsonning qaydicha, formal valentlik sintaksis qoidalarining zahiradagi namunasi bo‘lib, argument va predikatlar munosabatlarining alohida tillarda ifodalanish shaklini aks ettiradi [4, 87–89 b.].
Valentlikning har qanday turi — til birliklarining sintaktik, leksik, semantik imkoniyatlari ifodasining namunasidir. Shu jihatdan, so‘z birikmasi sathidagi valentlik haqida so‘z yuritilganda, biz turli leksik-grammatik guruhlar, so‘z turkumlariga qarashli so‘z va so‘z shakllarining o‘zaro birikuvini tushunamiz. Bu birikuv asosida til tizimining yanada yuqoriroq sathiga oid yanada murakkabroq mazmunga ega bo‘lgan yangi nominativ birlik hosil bo‘ladi.
So‘z birikmasining valentlikka oid xususiyatlarining bu ko‘rinishda talqin qilinishi uning tarkibiy qismlari — alohida leksik birliklarning lisoniy tabiatini aniqroq tasavvur qilish imkoniyatini yaratadi. So‘z birikmasining alohida til birligi sifatida qaralishi, bir qadar mavhumdir, chunki lug‘atlarda ko‘proq so‘z formasi kiritiladi va izohlanadi. Hatto izohli lug‘atlar mualliflari ham so‘zlarning grammatik xususiyatlarini yoritishayotib, ularning birikish imkoniyatlarini e’tiborga olishga majbur bo‘ladilar.
Har qanday lisoniy belgining juft xususiyatli, ya’ni shakl va mazmunga ega bo‘lgan hodisa sifatida qaralishi til nazariyasining asosiy talabidir. Lekin yagona shakl va mazmunga ega bo‘lgan birlikning, uning valentlik qobiliyatining o‘zgarishi, turli yo‘sinda ifodalanishiga so‘z birikmasida, grammatik ko‘rsatkichlari o‘zgarishi mumkin [1, 374 b.]. Valentlik turlaridagi farqlar, ular doirasidagi har xil siljishlar so‘z turkumlari chegarasiga ma’lum o‘zgartirishlar kiritadi. Binobarin, ingliz tili grammatik tizimida ravishlarni sifat va holat kategoriyasini ifodalovchi boshqa so‘zlardan farqlashning yo‘llaridan biri — ularning faol va virtual (nofaol) valentlik qobiliyatini inobatga olishdir.
Lekin birliklarning bunday qobiliyatini faqat so‘z birikmasi aniqlashtiradi, shakllantiradi va saqlab qoladi. So‘z birikmasining xuddi shu xususiyatlari uni mustaqil, alohida birlik sifatida tavsiflash imkonini beradi. So‘z birikmasining shakl, grammatik va nominativ ma’noga ega bo‘lishi hamda mustaqil vazifa bajarishi bevosita valentlikning lisoniy kategoriya, til birliklarining barcha grammatik-semantik xususiyatlarini mujassamlashtiruvchi hodisa sifatida talqin qilinishi so‘z birikmasi nazariyasi rivoji uchun muhim omildir.
So‘z birikmalarining nominativ funksiyasi muammosi uzoq paytdan buyon muhokama qilinib kelinayotgan masalalardan biri hisoblanadi. L. V. Shcherba, V. V. Vinogradov, N. N. Prokopovichlar so‘z birikmasini alohida so‘zlarning semantik “yoyilishi” natijasida hosil bo‘ladigan murakkab nominativ birlik sifatida qaraydilar [1, 47–47 b.].
Bunday yondashuvda so‘z birikmasi alohida so‘zning muqobiliga aylanadi: “... so‘z birikmasi gapning alohida qurilish materiali deb qaralsa, xuddi so‘z kabi tilning nominativ vositalari, predmet, hodisa, jarayon kabilarni atovchi vositalari hududidan joy oladi”.
Olimning ushbu mulohazasi biror-bir sezilarli o‘zgarishsiz ko‘plab tadqiqotlar, darsliklarda takrorlanib kelinmoqda. Buning bilan esa til tizimining ikki mustaqil birligi orasidagi farqning yo‘qotilishiga yo‘l qo‘yilmoqda.
Taniqli tilshunos olimlardan O.Yespersen, R.Kvirk, V. P. Suxotin, YE. M. Galkina-Fedorchuk va V. N. Yarsevalar so‘z va so‘z birikmasini tamoman farqli hodisalar sifatida qarashib, oxirgisini nominativ vazifadan xoli, deb hisoblab kelishgan [1, 86 b.].
Ba’zan bu ikki nuqtai nazarni birlashtirish holatlari va nominativ funksiya so‘z birikmasiga xos ekanligini barcha tilshunoslar ma’lum darajada qayd etgan [7, 114–118 b.].
Ingliz tili so‘z birikmalarining lingvodidaktik xususiyatlarini maxsus o‘rgangan S. G. Ter-Minasova uning alohida kategorial belgilarga ega ekanligini e’tiborga olish muhimligini uqtiradi. Olimaning ta’kidlashicha, konnotativlik (axborot tashish bilan birgalikda, emotsional ta’sir o‘tkazish xususiyatiga ega bo‘lish), klishe xususiyatiga ega bo‘lish, idiomativlik (yaxlit ma’noning bo‘laklar ma’nolari yig‘indisidan farq qilishi), konseptual to‘laqonlilik kategoriyalari so‘z birikmasining vazifaviy va semantik mohiyatini belgilaydi [8, 95–102 b.].
So‘z birikmalari bo‘laklari voqelikdagi predmetlarni yoki ular haqida tug‘ilgan tasavvurni tafakkur jarayonida tug‘iladigan tushunchalar vositasida bevosita ifoda etadilar. Aslida, tushunchaning o‘zi predmet-hodisalarning asosiy farqli belgilarini umumlashtirish orqali yuzaga keladigan yaxlit psixologik obraz, konseptual birlikdir. Bunday birlikning yuzaga kelishi alohida tushunchalarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri birikishini taqozo etmaydi, ya’ni tushunchalar o‘zaro munosabatida komponentlar o‘z lug‘aviy qiymatini yo‘qotmaydi.
Masalan:
Manchester University students;
the farm dogs;
the style in shoes;
talks on the strike;
opposition to Market entry
kabi birikmalar mazmunan yaxlit tushuncha — konseptlarni ifodalasalar-da, ularning har bir bo‘lagi alohida konseptni ataydi va mustaqil leksik ma’noni ifodalaydi. Xuddi konseptual yaxlitlik va mustaqillik zamirida so‘z birikmasi nutqiy tuzilmalari so‘z birikmalari qismlarining bir-biridan uzilish, ayri holda joylashish holatlari yuzaga keladi.
So‘z birikmasi kommunikativ funksiyasining voqelanishi uning mavqe jihatidan sintaksis sathidagi boshqa birliklar bilan tenglashishini ifodalaydi. Har bir birlikning sintaktik tuzilishi, albatta, tilning umumiy tizimiga xos bo‘lgan xususiyat, ya’ni uning har bir birligi asosiy vazifa — kommunikatsiyani ta’minlash bilan bog‘liqdir. Birliklar ichki tuzilishining kommunikatsiya maqsadi bilan bog‘liqligi so‘z birikmasi, gap, matn kabi qurilmalarni yaratishda namoyon bo‘ladi.
Shunday qilib, so‘z birikmasining kommunikativ funksiya bajarish imkoniyati uning so‘zdan farqli jihatlarini namoyon qilish bilan bir qatorda, uning tarkibiy qismlari semantik munosabati yanada yuqoriroq bosqichdagi hodisa — matn shakllanishi asosida turgan tamoyillarning harakati bilan bog‘liq.
Adabiyotlar:
- Есперсен О. Философия грамматики. — Москва: Изд-во иностранной литературы, 1958. -404 с.; Ярцева В. Н. Предложение и словосочетание. В книге: Вопросы грамматического строя. — Москва: Изд-во АН, 1955. -144 с.
- Лосев А. Ф. Языковая структура. — Москва: МОПИ, 1983.
- Кацнельсон С. Д. Типология языка и речевое мышление. -Ленинград: Наука, 1972..
- Миртожиев М. М., Муҳамедова С. Х. Ўзбек тилида сўз валентликлари. — Тошкент: ТДПУ, 2011.
- Степанова М. Д., Хельбиг Г. Части речи и проблема валентности в современном немецком языке. — Москва: Высшая школа, 1978.
- Тулина Т. А. Функциональная типология словосочетаний. -Киев-Одесса: Вища школа, 1976. -176 с.
- Тер-Минасова С. Г. Словосочетание в научно-лингвистическом и дидактическом аспектах. — Москва: Высшая школа, 1982. -144 с.
- Shavkat Bo’tayev/ Abbos Irisqulov, English-Uzbek/Uzbek-English Dictionary Toshkent 2009.