Mazkur maqolada bolalar she`riyatining ta`lim-tarbiyaga ta`siri hamda sinfdan tashqari o`qish darslarida Anvar Obidjon asarlarini o`rganishning bolalar ma`naviyatiga ta`siri masalalari yoritilgan.
Kalit so`zlar : bolalar she`riyati, sinfdan tashqari o`qish, Anvar Obidjon she`rlari
В данной статье освещены вопросы влияния детской поэзии на образование и воспитание, а также влияние изучения произведений Анвара Обиджона на внеклассных уроках на детскую духовность
Ключевые слова : детская поэзия, внеклассное чтение, стихи Анвара Обиджана
This article covers the impact of children`s poerty on education and on education, as well as the impact of studying Anvar Obidzhon`s works on children`s spirituality in extracurricular classes
Keywords : reading outsidethe classroom, children`s poerty, poems of Anvar Obidjon
“O`qish kitobi” dan o’rin olgan hamda sinfdan tashqari o`qish darslarida tavsiya etiladigan asarlar, o’quvchini fan bo’yicha Davlat ta’lim standartida belgilangan bilim, ko’nikma va malakalarni egallashi, ularda tayanch hamda fanga oid kompetentsiyalarni, kitobxonlik madaniyatini shakllantirishiga xizmat qiladi. Bu maqsad va vazifalarni asarni o’qish, syujeti bilan tanishish bilangina amalga oshirib bo’lmaydi. Maktabda o’rgatiladigan har bir asar o’quv tahliliga tortilsa, o’quvchi yozuvchining maqsad-muddaosini anglasagina, undan chinakam bahra oladi, badiiy-estetik didi shakllanadi. Shunday ekan, “O`qish kitobi” darslarida o’quvchilarni badiiy asarni tahlil va talqin qilishga o’rgatish muhim ahamiyat kasb etadi. Asar tahlili davomida, eng avvalo, ularning janr xususiyatlaridan kelib chiqish maqsadga muvofiqdir. Ayniqsa bolalar she`riyatini sinfdan tashqari o`qish jarayonida tahlil qilish o`quvchilar ma`naviy olamini rivojlantirishga zamin hozirlaydi. Bolalarda kitobxonlik ko`nikmalarini rivojlantirishda ham bolalarni she`rlar bilan oshno etish maqsadga muvofiq sanaladi.O‘zbek bolalar adabiyotida turkum she’rlar eng ko‘p Anvar Obidjon ijodida uchrasa ajab emas. “G‘alati maktublar”, “Siz eshitmagan qo‘shiqlar”, “Ajoyibxona”, “Oltiariqdan olti ertak”, “Botirvoyning kundaligi”, “Bulbulning cho‘pchaklari” kabi turkumlar tarkibidagi she’rlar o‘zining ohoriy topilmalari, bolalarbop sodda, samimiy yumorga boyligi, misralarning qisqa, ravon, o‘ynoqiligi, kichkintoylarni o‘ylashga majbur qiladigan ikki yoki undan ortiq yechimga ega “jumboq” — masalalari bilan siz-u bizga yaxshi tanish. Shunisi e’tiborliki, garchi muayyan mavzuda yozilgan bo‘lsa-da, bir turkumdagi she’r mazmunan ikkinchisini aslo takrorlamaydi, aksincha, har bir turkum uchun o‘ziga xos mavzu, shakl, til va uslub tanlangan. Masalan, “Bulbulning cho‘pchaklari” turkumida yosh kitobxonda aruz vazniga muhabbat uyg‘otish maqsad qilib olingani holda g‘azal shaklidagi she’rlar Bulbul tilidan kuylanadi. “Ignalarim chiroyli” turkumida esa turli jonzotlarning tarjimayi holi orqali tabiatning boshqa a’zolariga nisbatan hurmat, mehribonlik, xayrixohlik hissini yanada oshirish maqsad qilinadi. Biz so‘z yuritmoqchi bo‘layotgan “Dalalardan — bolalarga” turkumi boshlanmasida shoir o‘quvchi ko‘z o‘ngida mohir jurnalist sifatida namoyon bo‘ladi: “Ochig‘ini aytsam, she’rlarni shunchaki havas uchun yozaman. Aslida kasbim — jurnalistlik. Bir paytlar radio muxbiri edim. Mikrofonni Alpomishning qilichidek yalang‘ochlab olib, o‘zi azaldan so‘zamol odamlarni gapirtirish ham ish bo‘ptimi, deguvchilarning fikriga to‘la to‘kis qo‘shilaman. Ammo mening yutug‘im shundaki, dala-bog‘larni kezib yurgan paytlarimda nafaqat odamlardan, balki turli ekin va dov-daraxtlardan ham o‘nlab intervyular olishga musharraf bo‘lganman. Bu hol jumlayi jahonning og‘zi, ko‘zi, qulog‘i va burni hisoblanmish jurnalistlar toifasini hayratga¬solsa,¬ajabmas”. Sarlavhadan keyin berilgan interpretatsiya mazmunidagi qisqa kirish so‘z, bir tomondan, turkum tarkibidagi she’rlarni marjon shodasiday bir mavzu atrofida birlashtirsa, ikkinchi tomondan, yosh kitobxonni o‘qilajak she’rga ruhan tayyorlash vazifasini bajaradi. Bundan tashqari ijodkor o‘zbek bolalar she’riyatiga nozik piching (kesatiq) she’rlarni olib kirgan muallif. Bu, ayniqsa, uning “Siz eshitmagan qo‘shiqlar” turkumida yaqqol aks etgan. She’rlar ham shaklan, ham mazmunan farqlanib turadi. Shakldagi kashfi yot — tovushlarga taqlid, mazmun yangiligi esa har bir she’r tagma’nosini boyitishga mo‘ljallangan. Ammo shu bilan birga ular axloqiy-psixologik mezon sifatida inson qiyofasini to‘ldirishga yordam beradi:
Shippak qo‘shig‘i:
Yuraman uy ichida, ship-ship-ship.
Gilam yumshoq-ey juda, ship-ship-ship.
Turtinmayman men toshga, ship-ship-ship.
Ekin zorman quyoshga, ship-ship-ship.
Shuningdek, muallif tovushlar o‘zgarishini (taqlidiy so‘zlarni) ham mohirona qo‘llab, tasviriylikka erishadi (jiqirjiqir, qiqir-qiqir, dikir-dikir, pichir-pichir, shitir-shitir kabi). Bu turkum she’rlar qo‘shiqlar deb atalishi ham bejiz emas, chunki ular ohangdor. Turkumdagi ashula ijrochilari obrazlarida bolalar va kattalar xarakterlarini ilg‘ab olish qiyin emas. She’rlar sodda, lekin bir nafasda o‘qiladi. Shoir so‘zlarni nihoyatda tejab ishlatadi. Yengil yumor esa hayot haqiqati bilan qorishib, o‘quvchida hissiy-g‘oyaviy ta’sirni yanada orttiradi. Muallif allegorik obrazlarni naqadar jonlantira olishiga bir misol:
Tanishing, men birinchi “B” sinfi da o‘qiyman,
O‘ttiz beshta harfning barin yaxshi cho‘qiyman.
Nega bizlar dumsiz X yozdik xo‘roz deganda?
Voy domlajon, sizningcha xo‘roz dumsiz ekan-da!
Shoir hayvon va predmetlarni jonlantirib, ularga xos bo‘lgan xususiyatlarni ochib beradi. Predmetlarning o‘ziga xos xususiyatlarini, odamga xos “fazilat” va “nuqson”larini to‘g‘ri topadi. Mana, masalan, qo‘raning qumg‘onga yozgan xati. Qumg‘on bilan hamma salomlashadi. Choynak esa burnini osmonga ko‘tarib turadi. Qo‘ra qumg‘onga shunday maktub yozadi: Kuyib-pishib o‘choqda, qaynatasan sen suvni,likopchaga o‘tqazib hurmatlashar u quvni.
Shoir o‘xshatishlarni ishlatganda ham bola ruhiyatini sira unutmaydi, biror hodisa yoki harakatni tushuntirish uchun uni tanish harakat yoki holatga o‘xshatadi. Ma’lum obraz orqali o‘quvchilarga ma’naviyatning ilk saboqlarini beradi.
Xulosa qilib aytganda, sevimli bolalar shoiri Anvar Obidjonning har bir satri muayyan tarbiyaviy mazmun tashiydi. U yaratgan obrazlar bolalarni ham, kattalarni ham befarq qoldirmaydi. Chunki bolalar she’riyatining sir-asrorlarini mahorat bilan o‘zlashtirgan ijodkor asarlarini o‘quvchiga yuksak badiiylik bilan taqdim etadi. Sinfdan tashqari o`qish darslarida A.Obidjon asarlarini puxta o`rganish o`quvchilar ma`naviyatini oshirishga xizmat qiladi.
Adabiyot:
- Anvar Obidjon. Mittivoymisan, Mittivoymisan? T. 2002
- Anvar Obidjon. Elektron kitoblar.https://kitobim.uz